Uzum kabinetini qanday tahlil qilish kerak: haftalik 8 qadamli tartib

Sotuv boshlangach, asosiy ish tovar tanlashdan kabinetni o'qishga o'tadi. Uzum kabineti tushumni ko'rsatadi, lekin foyda qayerda yo'qolayotganini ko'rsatmaydi: komissiya, logistika, reklama, saqlash va tannarx turli joylarda. Quyida haftada bir marta 30–40 daqiqada bajariladigan 8 qadamli tartib. Barcha skrinshotlar MARGN'ning demo do'konidan — raqamlar namuna sifatida olingan.
Boshlashdan oldin: tannarxni kiriting
Tannarxsiz foyda hisobi noto'g'ri bo'ladi: tannarx kiritilmagan SKU uchun u 0 deb olinadi, foyda esa o'ylanganidan baland ko'rinadi. Shuning uchun birinchi ish — «Tannarx» bo'limida barcha SKU uchun tannarxni kiriting (jadvalda to'g'ridan-to'g'ri, ko'plab SKU uchun Excel orqali). Hisoblash usuli — tannarx maqolasida.
1-qadam. Dashboard: umumiy holat
Davrni tanlang (odatda 30 kun) — kabinet uni oldingi teng davr bilan solishtiradi. Asosiy blokda: sof GMV, sof buyurtmalar, sotuv soni, xarajatlar (ETR), marja va ROI.

Nimaga qarash kerak:
- GMV o'sdi, marja o'smadimi? Demak sotuv xarajat hisobiga o'syapti.
- Xarajatlar (ETR) ulushi. Demo do'konda u GMV'ning 23% ini tashkil qiladi — bu Uzum ushlab qolgan komissiya va logistika. Ulush o'sib borsa, sababini toping.
- Qaytarish va bekor qilish bloki. Qizil blokdagi yo'qotilgan summa — eng tez tuzatiladigan foyda.
«Marja» — sof GMV minus Uzum xarajatlari; «Sof foyda» esa tannarxni ham hisobga oladi. Shuning uchun tannarx muhim.
2-qadam. Moliya: tushumdan sof foydagacha
«Moliya» bo'limi bitta chekda hammasini ko'rsatadi: komissiya, logistika, reklama, ombor, tannarx va qo'lda xarajatlar, oxirida — sof foyda.

Demo do'konda tushum ~72,8 mln so'm, sof foyda ~21 mln so'm, marja 27,8%. Ya'ni har 100 so'm tushumdan 28 so'm qoladi. Chekdagi har bir satrga savol bering:
- komissiya — tushumning ~27% ini oldi; kategoriya o'zgarmagan bo'lsa, bu normal;
- tannarx — eng katta xarajat; ta'minotchi bilan narxni qayta ko'rib chiqish mumkinmi?
- qo'lda xarajatlar (ijara, ish haqi, qadoq) — Uzum hisobotida yo'q, lekin foydani yeydi. Ularni «Qo'lda xarajatlar» bo'limiga kiriting, soliq stavkasini bir marta belgilang.
«Oldingi davr bilan solishtirish»ni yoqing: qaysi xarajat o'sganini qizil rangdan ko'rasiz. Hisoblash mantig'i — sof foyda maqolasida.
3-qadam. Mahsulotlar: kim pul keltiryapti, kim yo'qotyapti
Eng muhim jadval — har bir kartochka bo'yicha foyda va marja.

Demo do'konda 101 ta kartochkadan 26 tasi sotuvda, 22 tasi sotilgan; 6 ta «A» tovar tushumning 80% ini beradi; 2 tasi zararda, 4 tasi sotuvsiz. «Zararda» kartochkasini bossangiz, ro'yxat zararli tovarlar bilan filtrlanadi. Savollar:
- zararli tovarda muammo narxdami, tannarxdami yoki reklamadami?
- sotuvsiz kartochka reklama olyaptimi? Bo'lsa, to'xtating;
- eng katta foyda keltirgan tovar (misolda termos, marja 42%) — qoldig'i yetadimi?
Tovar qatorini bossangiz, uning paneli ochiladi: sotuv, reklama, tannarx, qoldiq necha kunga yetishi va SKU lar bo'yicha marja.
4-qadam. Reklama: DRR va ACOS
«Reklama» bo'limi xarajat, reklamali tushum, DRR va reklamadan qolgan foydani ko'rsatadi.

Demo do'konda DRR — 2,8% (reklama ÷ umumiy tushum), ACOS — reklamali tushumga nisbatan ulush. DRR o'sib, reklamadan foyda tushayotgan bo'lsa — stavkalarni qayta ko'ring. Jadvalda «Sotuvsiz» (pul ketdi, sotuv yo'q) va «Zararli» (reklama o'zini oqlamaydi) filtrlariga qarang. Ko'rsatkichlar tafsiloti — reklama ko'rsatkichlari maqolasida.
5-qadam. Sotuv va bekor qilishlar
«Sotuv» → «Bekor tahlili» sabablar bo'yicha ulushni ko'rsatadi.

Demo'da 2 274 qatordan 603 tasi bekor qilingan (26,5%). Eng katta sabab — «Olishdan oldin bekor qilingan» (66%): bu xaridor qarori, sizga bog'liq emas. Lekin «tuzatish mumkin» belgili sabablar — o'lcham noto'g'ri kelgani, buyurtmada tovar chiqmagani, noto'g'ri tovar yuborilgani — sizning yo'qotishlaringiz: demo'da 54 ta. Ularni kartochkadagi o'lcham jadvalini aniqlash va qoldiq nazorati bilan kamaytirasiz. FBS/DBS'da bekor qilish jarimaga ham olib keladi (jarimalar).
6-qadam. ABC & XYZ: assortimentni boshqarish
ABC — tovarlar tushum bo'yicha, XYZ — talab barqarorligi bo'yicha guruhlanadi.

Demo'da 23 tovardan 6 tasi (A guruhi) tushumning 81% ini beradi, 11 tasi (C guruhi) — atigi 3,8%. Matritsadagi har bir katak uchun tavsiya bor: masalan, A+Z — qo'lda nazorat qiling; C+Z — chiqarishni o'ylang. Qoida: pulni A guruhiga yo'naltiring, C guruhidagi tovarlarni qisqartiring. Batafsil — ABC & XYZ tahlili bilan birga o'qing.
7-qadam. Ombor: qoldiq va pullik saqlash
«Ombor» qoldiq qancha kunga yetishini va qaysi tovar pullik saqlashga tushganini ko'rsatadi.

Demo do'konda ombordagi qoldiq o'rtacha 49 kunga yetadi, 3 ta tovar tugayapti, 2 tasi tugagan, 14 tasi ortiqcha, 91 ta SKU pullik saqlashda. Qoida: tugagan kartochka qidiruvdagi o'rnini yo'qotadi — qoldiq 7 kundan kam qolganda yetkazib berishni boshlang. Ortiqcha qoldiq esa 60 kundan keyin pul yeydi (pullik saqlash, qoldiqni rejalash). «Excel eksport» FBO jo'natma ro'yxatini tayyorlab beradi.
8-qadam. Tahlil: bugun nimaga e'tibor berish kerak
Oxirida «Tahlil» sahifasini oching — bu signallar to'plami: sotuv, qoldiq, reklama, kontent va sharhlar.

Har bir kartochkada muammo va uni hal qiladigan tovarlarga o'tish tugmasi bor. Demo do'konda: 2 ta tovarning sotuvi keskin tushgan, 2 tasi 7 kundan kam qoldiqqa ega, 14 ta kartochkada sifat muammosi, 24 tasi past reytingda. Pastda — tushum grafigi va 30 kunlik prognoz, «yo'qotilgan sotuv» (qoldiq tugagani sabab). Sharhlarga javob berish ham shu yerda: javobsiz sharhlarni nolda ushlang (sharhlarga javob).
Haftalik tekshiruv ro'yxati
- Dashboard: GMV, marja, ROI — oldingi davrga qarab nima o'zgardi?
- Moliya: qaysi xarajat ulushi o'sdi?
- Mahsulotlar: zararli va sotuvsiz tovarlar — to'xtating yoki tuzating.
- Reklama: «Sotuvsiz» va «Zararli» qatorlar.
- Bekor qilishlar: «tuzatish mumkin» sabablar.
- ABC & XYZ: A guruhidagi tovarlarda qoldiq bormi?
- Ombor: 7 kundan kam qoldiq va pullik saqlash.
- Tahlil: qizil signallar va javobsiz sharhlar.
Eng ko'p uchraydigan xatolar
- tannarxsiz foydaga qarash;
- faqat tushumni kuzatish, marjani emas;
- reklama xarajatini umumiy ko'rish, tovar bo'yicha emas;
- bekor qilish sabablarini tahlil qilmaslik;
- kabinetni faqat muammo chiqqanda ochish.
Bularning hammasi MARGN'da bitta joyda: do'kon analitikasi. Har bir bo'lim bo'yicha skrinshotli batafsil qo'llanmalar — MARGN Akademiya'da. Bozorni oldindan o'rganish — bozor tahlili maqolasida.
Eslatma: skrinshotlardagi raqamlar demo do'kondan; sizning natijangiz boshqacha bo'ladi.





